Документы



Korxona faoliyatida biznes rejalashtirish icon

Korxona faoliyatida biznes rejalashtirish

НазваниеKorxona faoliyatida biznes rejalashtirish
Дата27.05.2013
Размер32.38 Kb.
ТипДокументы
скачать

KORXONA FAOLIYATIDA BIZNES - REJALASHTIRISH


3.1 Korxona faoliyati biznes - rejalashtirishning obyekti sifatida


Rejalashtirish bozor bilan umuman mos kelmaydi, deb hisoblagan bozor munosabatlari tarafdorlari ham bugungi kunda o’zlarining avvalgi fikrlarida qattiq turmayaptilar. Vaqt va hayotning o’zi, xususan, ko’plab xorijiy kompaniya, firma va korxonalar tajribalari rejalashtirish va bashorat qilishning muhim ahamiyat kasb etishini tasdiqlaydilar. Masalan, Rossiyada islohotlar boshida qabul qilingan «tadbirkorlar Rossiyani qutqaradilar» shiori garchi nafaqat Rossiya, balki barcha sobiq ittifoq mamlakatlarining barchasida ham biznes va tadbirkorlik sohasi iqtisodiyotning ustivor yo’nalishiga aylangan bo’lsada, yumshoq qilib aytganda o’z tasdig’ini topdi.

Gap shundaki korxona bu nafaqat bozor subyektidir, u shu bilan bir paytda davlat tizimining elementi ham hisoblanadi. U davlat boshqaruv tizimi va siyosatidan to’liq mustaqil bo’la olmaydi. Markazlashgan iqtisodiyotga asoslangan mamlakatlarda bozor munosabatlarini erkinlashtirish yo’nalishida amalga oshirilgan islohotlar ishlab chiqarish jarayonini chetlab o’tib, shu bilan bir paytda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar korxonalarda mehnat motivatsiyasi va rejalashtirish tizimini sezilarli ravishda o’zgartirib yubordi.

Menejment sohasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, butun rejalashtirish va boshqaruv tizimi xodimlarning ish sifati va samaradorligini oshirishdan manfaatdorligiga yo’naltirilishi lozim bo’lib, bu firma rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi. Biroq bu xuddi boshqa muvaffaqitlar kabi o’zidan-o’zi kelmaydi. Buning uchun resurslar asoslaridan tashqari mohir tashkilotchilik, ilmiy asoslangan rejalashtirish va boshqaruvni talab qilinadi. Ayniqsa kishilarning ishlab chiqarish mehnatidan moddiy manfaatdorligi muhim ahamiyat kasb etib, bugungi kunda buni mehnat hayotining sifati deb nomlanadi.

Masalan, Janubiy Koreyaning «DEU» transmilliy firmasi rahbari Kim U Jung ta’kidlashicha: «biznesda odam boshqa hech qaerda bo’lmagan ahamiyatga ega. Inson - hamma narsadan yuqori. U buyuk kuchdir. Shu sababli kompaniyalar tobora ko’proq kadrlar bilan bog’liq masalalarga e’tibor qaratmoqdalar. Chunki umuman olganda odamlar ishlaydilar. Firmaning gullab-yashnashi yoki inqirozga uchrashi ularga bog’liq«1. Shu sababli bo’lsa kerak, Yaponiya firmasi «Matsusita» quyidagi shiorni tanlab olgan: «narsalarni yaratishdan avval «Matsusita» kadrlarni yaratadi»2.

Bugungi kunda O’zbekistonda turli mulkchilik shaklidagi, turli soha va tarmoqlarga taaluqli 300 mingdan ortiq korxona mavjud bo’lib, ulardan 280 mingtasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hisoblanadi. Ularning ishlab chiqarish faoliyati, shubhasizki, rejalashtirish va boshqarish obyekti bo’lib, bozorga va iste’molchilar talabini qondirishga yo’naltiriladi.

Amaliyotning ko’rsatishicha, ishlab chiqarish faoliyatini rejalashtirishda har bir korxona o’zining bugungi kundagi va kelajak uchun strategiyasini belgilab oladi. Shu sababli rejalashtirish korxonani rivojlantirish strategiyasidan ajralmas bo’lib, buni quyidagi sxema yordamida aks ettirish mumkin (3.1-rasm).





3.1-rasm Strategik rejalashtirish jarayoni


Mazkur holatda strategiya kelajak uchun umumiy g’oyani shakllantirshga imkon berdi. Rejalashtirish jarayonining o’zi va bevosita strategik reja esa korxonaga aniqlik, individuallik hadya etib, bu unga ma’lum turdagi xodimlarni jalb qilish va boshqa turdagi xodimlarni jalb qilmaslikka imkon beradi. Bu reja korxona uchun istiqbollar ochib berib, yangi xodimlarni jalb qiladi, mahsulot ishlab chiqarishdan tashqari uni sotishga ko’maklashadi.

Rejalar shunday tuzilishi kerakki, ular uzoq vaqt davomida buzilmasligi, shu bilan bir paytda zarur hollarda yo’nalishni o’zgartirishga moslashgan bo’lishi lozim. Amalda rejalashtirish jarayonida ikkita muhim savolga javob topish zarur:

  1. korxona uchun bozordagi vaziyat bilan bog’liq joriy vazifalarni bajarishda to’siqlar yaratmaydigan strategik maqsadni qanday tanlash;

  2. strategik maqsadlarga tayangan holda eng murakkab va kutilmagan hodisa va tashqi tendentsiyalarga munosib va samarali javob qaytarishi uchun moddiy, moliyaviy va mehnat resurslarini qanday shakllantirish lozim.

Avvalgi buyruqbozlik tizimidagidan farqli o’laroq ko’plab korxonalarda, ayniqsa, mikrofirma va kichik korxonalarda rejalar mustaqil ravishda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Biroq korxonaning ishlab chiqarish faoliyatini rejalashtirish xuddi avvaldagi kabi ko’rsatkichlar tizimi yordamida amalga oshirilib, bu ko’rsatkichlar sifat va miqdor, hajm va solishtirma turlarga taqsimlanadi.

^ Miqdor ko’rsatkichlari – absolyut ko’rsatkichlar bo’lib, bu qatorga yalpi va tovar mahsulotlar hajmi, sotuv hajmi, xodimlar soni, ish haqi fondi, foyda yoki daromad miqdori, ishlab chiqarish resurslarining sarflanishini kiritish mumkin.

Sifat ko’rsatkichlari nisbiy kattalik hisoblanadi. Ular ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligini, uning ayrim omillarini aks ettiradi. Bu mehnat mahsuldorligining o’sishi, mahsulot tannarxining pasayishi va hokazolardir. Bu qatorga shuningdek, o’zaro miqdor ko’rsatkichlarini ifodalovchi ko’rsatkichlar, masalan, ishlab chiqarish rentabelligi, fond sig’imi, mahsulot sifati va boshqalarni ham kiritish mumkin.

^ Hajm ko’rsatkichlari ishlab chiqarishning, uning ayrim jarayonlari va unda ishtirok etuvchi omillarning absolyut kattaligini belgilaydi. Bu qatorga masalan, yalpi, tovar va sotilgan mahsulot hajmi, mehnat xarajatlari hajmi, olingan foydaning umumiy hajmi va boshqalar kiritiladi.

^ Solishtirma ko’rsatkichlar ikki yoki undan ortiq o’zaro bog’liq ko’rsatkichlar va mahsulot birligi xarajatlari salmog’ining nisbatlarini tavsiflaydi. Masalan, mahsulot birligiga metall, elektr energiyasi, yoqilg’i sarflanishi, ishlab chiqarish quvvati birligiga kapital qo’yilmalar, jami to’lovlar hajmida mukofotlarning salmog’i va hokazolar.

Ushbu barcha ko’rsatkichlar o’rtasida o’zaro aloqalar mavjud. Bu ko’rsatkichlar rejalashtirish jarayonida ham, korxonaning xo’jalik faoliyatini tahlil qilishda ham qo’llanadi.


3.2. Bozor sharoitlarida korxona faoliyatini tartibga solish va rejalashtirish


Bozor munosabatlari sharoitlarida har bir korxona ishlab chiqarishning to’xtovsiz o’sishi, mahsulot sifatining oshirilishi va uning o’z vaqtida sotilishi, shuningdek, rejalashtirilgan foyda va daromadni o’z vaqtida olish asosida o’zining gullab-yashnashini ta’minlashga intiladi. Shu sababli korxona faoliyati ko’p maqsadli va dinamik xarakterga ega bo’ladi. Birinchidan, fan-texnika taraqqiyotiga yo’naltirilgan, ikkinchidan, ishlab chiqarish quvvatlari va resurslardan samarali foydalanishga erishuvchi, uchinchidan esa, bozor kon’yunkturasiga o’z vaqtida va tezkorlik bilan javob berishi mumkin bo’lgan korxona rivojlanadi va gullab-yashnaydi.

Istiqboldagi vaziyatni qat’iy rejalashtirish bu holda o’zini oqlamaydi. Bozor kon’yunkturasi va raqobat, talabga mos ravishda chiqarilayotgan mahsulot tavsifnomasiga o’zgartirish kiritish imkoniyatlari bilan bog’liq bo’lgan uzoq muddatli dastur talab qilinadi. Bu vazifa odatda istiqbolga yo’naltirilgan korxona faoliyatini joriy rejalashtirish jarayonida aniqlangan ko’rsatkichlarni tartibga solish yo’li bilan bajariladi.

Shu sababli ko’plab korxonalar bozor kon’yunkturasining o’zgarib turishini hisobga olgan holda ishlab chiqarish texnologiyasiga tezkor o’zgartirishlar kiritish hamda bunda asbob-uskuna va qurilmalarning imkoniyatlarni kengaytirish, butlovchi qismlar va materiallarni bir xillashtirish, mahsulot sifatini oshirish va assortimentini kengaytirishga majbur bo’ladilar.

Korxona faoliyatini rejalashtirish vazifalari qaysidir ma’noda ma’lum bo’lgani sababli uni rejalashtirish va ishlab chiqarishni tashkil etish jarayonida tartibga solish zamonaviy fan tomonidan nisbatan kam tadqiq etilgan va umumlashtirilgan. Bu erda amaliyot nazariyadan ancha ilgarilab ketgan. Shunday bo’lsada, korxona faoliyatining oldindan belgilab qo’yilgan ko’rsatkichlarini tartibga solishga to’g’ri keladi. Bu iste’molchilik talabining o’zgarishidan tashqari, korxona hayotida va iqtisodiy muhitda ro’y berayotgan yangi vaziyatlar, xom-ashyo va materiallar ta’minotchilari bilan aloqalar, siyosiy vaziyat va hokazolarga bog’liq bo’ladi.

Gap shundaki, bugun ishlab chiqarilayotgan narsa ertaga yoki indinga kerak bo’lmay qolishi mumkin. Shu sababli rejalashtirish nafaqat bugungi, balki ertangi kunga ham yo’naltirilgan bo’lishi loim. Hech qaysi korxona o’z faoliyatida istiqbolni ko’zdan qochira olmaydi. Bu bozor sharoitlarida korxona barqarorligining asosiy qoidasidir. Barcha xodimlar, ayniqsa, korxona rahbariyati shuni aniq bilishi kerakki, bugungi kunda oson bajarilayotgan har qanday ish 3-5 yildan so’ng qiyinlashishi yoki umuman imkoni bo’lmay qolishi mumkin. Demak, oldindan belgilab qo’yilgan reja (bashorat) ko’rsatkichlarini tartibga solish – korxona faoliyati va ishlab chiqarishni bashorat qilish va rejalashtirishning uzviy bir qismi hisoblanishi mumkin.

^ Tartibga solish bu hodisa va jarayonlarni yo’lga qo’yish, bir tartibga keltirish jarayonidir. Shuningdek u boshqaruv mexanizmi va ularning elementlarini normal va samarali ishlaydigan holatga keltirishni ham anglatadi. Rejalashtirishga nisbatan bu erda gap shu haqda boradiki, oldindan ishlab chiqilgan reja va dasturlarni o’zgarib turuvchi sharoitlarga moslashtirish, ular rejali iqtisodiyotda bo’lgani kabi har qanday baho evaziga bajarilmasdan, bozor talablariga mos kelishi hamda korxona maqsadlariga erishish, ishlab chiqarishning daromadli va foydali bo’lishiga xizmat qilishi lozim. Har holda zamonaviy biznes va tadbirkorlik aynan shu tamoyillarga asosan faoliyat ko’rsatadi. Rejada belgilab qo’yilgan, kechagi kun ishlab chiqilgan va bugunda o’z ahamiyatini yo’qotgan mahsulot ishlab chiqarish, ish bajarish va xizmat ko’rsatish mumkin emas.

Gap shundaki, korxona faoliyatining oldindan belgilab qo’yilgan ko’rsatkichlarini tartibga solish malakasiz rejalashtirishning sababi va natijasi bo’lib, ishlab chiqarishni tashkil qilish va rejalashtirish jarayonlarida turli xato va kamchiliklar natijasida yuzaga keladi. Shu sababli ayrim korxonalarning, ayniqsa, biznes va tadbirkorlik sohasida hayotiylik davri yuqori bo’lmaydi, ular zarar keltiradigan korxonalarga aylanadilar va hatto bankrotga ham uchraydilar.

Amaliyotning ko’rsatishicha, asoslangan rejalashtirish odatda obyektiv zarurat talab qilgan hollardan tashqari kelgusida tartibga solishni talab qilmaydi. Korxona joriy faoliyatini tartibga solishdan maqsad quyidagilardan iborat:

  • barqaror ishlashni ta’minlash;

  • minimal xarajatlar bilan maksimal natijalarga erishish;

  • chiqarilayotgan mahsulotning sifat ko’rsatkichlarini yaxshilash;

  • ishlab chiqarish rentabelligini oshirish va xarajatlarni kamaytirish.

Bugungi kunda, iqtisodiyotning nodavlat sektorini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgan bir paytda biznes va tadbirkorlik sohasi ustivor ahamiyat kasb etib, korxonalarning iqtisodiy faoliyatda erkinligi kuchaymoqda, rejalashtirish va tartibga solish jarayonlarini hech kim cheklab qo’ymayapti. Hozirda korxonalarga yuqoridan buyruq va ko’rsatmalar asosida topshiriqlarni belgilab beruvchi vazirlik va mahkamalar tizimi yo’q. Korxonalarning katta qismi ishlab chiqarishning borishi va natijalarini o’zlari rejalashtiradi va tartibga soladi.

Shu bilan bir paytda yuqorida aytib o’tilgan mustaqillik va iqtisodiy hatti-harakatlar erkinligi korxonalar faoliyatining davlat tomonidan tartibga solinishini inkor qilmaydi. Masalan, AQSH, Yaponiya va boshqa ba’zi mamlakatlarda hukumat organlari asosan yirik korporatsiyalar bilan birgalikda ishlaydi. Bunda ular quyidagilarni aniqlaydi:

  1. 1) zarur investitsiyalar hajmi va tarkibi;

  2. 2) texnika darajasi, shuningdek, eng muhim mahsulot turlarining hajmi va proportsiyasi;

3) oylik ish haqi darajasi va korxona faoliyatining boshqa ayrim turlari.

Belgilangan umummilliy vazifalar iqtisodiy tartibga solish vositalari – soliqlar, kreditlar, subsidiyalar va kvotalar yordamida bajariladi. Shu sababli davlat bozor mexanizmiga aralashmasligi lozim va bozor to’laligicha o’zini-o’zi tartibga soluvchi, iqtisodiyotning bir tekisda proportsional rivojlanishini qo’llab-quvvatlashga qodir tizim deb hisoblovchilar unchalik haq bo’lib chiqmaydilar. Davlat o’ta ehtiyotkorlik bilan bozor mexanizmiga aralashuvi, uning kamchiliklarini to’g’rilashi, raqobatning yakkahokimlikka aylanishining oldini olishi, biznes va tadbirkorlikning huquqiy asoslarini takomillashtirishi, baho diskriminatsiyasi va boshqa salbiy tendentsiyalarga qarshilik ko’rsatishi lozim.

Bozor mexanizmiga davlatning aralashuvi zarurligi jahonda va mamlakatimizda to’plangan tajribalardan ko’rinib turibdi. Prezident I.Karimovning «O’zbekiston – bozor iqtisodiyotiga o’tishning o’z yo’li» kitobida qayd etganidek «Bozor munosabatlariga o’tish davrida davlat ijtimoiy hayot va iqtisodiyotning barcha sohalarini o’zgartirishni ishlab chiqishi va ketma-ketlikda amalga oshirishi lozim. O’zini-o’zi tartibga soluvchi bozor sof ko’rinishda umuman mavjud emas. Davlat har qachon ham o’zining alohida ahamiyatga ega bo’lgan roli tufayli iqtisodiy jarayonlarga ta’sir ko’rsatib kelgan. Shu sababli zamonaviy bozor bu davlat tomonidan tartibga solinuvchi bozordir».

Quyidagilar davlat tomonidan tartibga solishning asosiy yo’nalishlari hisoblanadi:

  • ma’muriy-huquqiy tartibga solish:

  • iqtisodiyot va biznes uchun huquqiy asoslarni yaratish;

  • qonunlarga rioya qilinishini ta’minlash;

  • jamiyat hayotining eng muhim sohalarini boshqarish;

  • davlat dasturlari va buyurtmalari;

  • moliya va soliq siyosati;

  • ijtimoiy siyosat.

O’zbekiston Respublikasi hukumati davlatning tartibga solish funktsiyasini jahon xo’jalik amaliyotida ma’lum bo’lgan va tekshirib ko’rilgan iqtisodiy tartibga solish vositalari yordamida amalga oshiradi. Masalan, soliq siyosati davlat va mahalliy byudjetlarni shakllantirishning fiskal funktsiyalarini bajarishdan tashqari ishlab chiqarish tuzilmasi, dinamikasi va joylashuviga iqtisodiy ta’sir ko’rsatish mexanizmi vazifasini ham bajaradi. Imtiyozli soliqqa tortish biznes va tadbirkorlikni rag’batlantirishning eng kuchli vositalarida hisoblanadi.

Davlat tomonidan tartibga solish bozor mexanizmini to’ldirib, unga o’zgartishlar kiritadi, biznes va tadbirkorlikning oyoqqa turib olishiga ko’maklashadi. Bunda u maksimal darajada maksimal pog’onada, minimal darajada minimal pog’onada tarqaladi. Tartibga solish, qaysi miqyosda amalga oshirilishidan qat’iy nazar doimiy harakat, talab va taklif, daromad va xarajatlar o’rtasida muvozanatga intilish hisoblanadi.

Bu tenglik doim ham ta’minlanmasada, u ko’ngildagidek darajada bo’lavermaydi. Biroq barcha hollarda ham davlat tomonidan tartibga solish va korxonaning o’zini-o’zi tartibga solishi iqtisodiyot va biznesni boshqarishning muhim elementi bo’lib qolaveradi. «Ekonomiks» darsligi muallifi Samuelsonning fikricha, busiz «bir qo’l bilan qarsak chalganday» qolaveramiz.

^ Qisqa xulosalar


Korxona iqtisodiyotning asosiy bo’g’ini va bozorning asosiy subyekti bo’lib, jamiyat ehtiyojlarini qondiradi va foyda (daromad) olish maqsadida mahsulot ishlab chiqarish, ish bajarish va xizmat ko’rsatish uchun tashkil etiladi.

Korxonaning butun faoliyati rejalashtirish obyekti bo’lib, faoliyat xarakteridan kelib chiqqan holda korxonaning turli xizmat va bo’limlari tomonidan ishlab chiqiladi.

Rejalashtirishda miqdor va sifat, natural va qiymat, hajm va solishtirma ko’rsatkichlardan foydalaniladi. Bu ko’rsatkichlardan har biri foydali bo’lib, o’ziga xos hisob-kitob uslubiyatiga ega.

Bozor munosabatlari sharoitlarida rejalashtirish majburiydan ko’ra istisno xarakterga ega bo’lsada, ayrim ko’rsatkichlarni tartibga solish zarurati bilan hamnafas bo’ladi. Amaliyotda tartibga solish ilgari qabul qilingan reja va majburiyatga o’zgartish kiritish bo’lib, barcha hollarda korxona faoliyati hamkorlar ishiga zarar etkazmagan holda asoslab berilishi lozim.


Muhokama va nazorat savollari


  1. Rejalashtirish jarayonida korxona tomonidan qanday vazifalar bajariladi?

  2. Bozor sharoitlarida korxona faoliyatini rejalashtirish avvalgi ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan nimasi bilan farq qiladi?

  3. Korxona ishlab chiqarish faoliyatini rejalashtirishning ko’rsatkichlari tizimini asoslab bering.

  4. Ishlab chiqarish faoliyatini tartibga solish nima va u rejalashtirish jarayoni bilan qanday uyg’unlashadi?

  5. Sizningcha, bozor sharoitlarida rejalashtirish jarayoni qanday ko’rinishga ega bo’lishi lozim?

  6. Qaysi hollarda rejaga o’zgartirish kiritish mumkin?

  7. Korxona faoliyati rejalarini ishlab chiqishda axborot asoslarining ahamiyati va zaruratini tushuntirib bering.

  8. Ishlab chiqarishni rejalashtirish va tartibga solish jarayonlarini kim yoki qaysi organ boshqaradi?

  9. Davlat tomonidan tartibga solishning asosiy yo’nalishlarini tushuntiring.

  10. Axborot sifatiga qo’yiluvchi asosiy talablar qanday?




1 Ким У Джунг. Этот великий мир бизнеса. М., «Руслит», 1992, с. 106.

2 Якокка Ли. Карьера менеджера. М., «Прогресс», 1990, с.17.



Похожие:

Korxona faoliyatida biznes rejalashtirish iconKichik biznes faoliyatini rejalashtirish kichik biznesfaoliyatini strategik rejalashtirish

Korxona faoliyatida biznes rejalashtirish iconДокументы
1. /Biznes - rejalashtirish. O'quv qo'llanma.doc
Korxona faoliyatida biznes rejalashtirish iconKorxona mahsulotini tavsiflash korxona mahsulotining kompleksli tavsifnomasi va baholanishi

Korxona faoliyatida biznes rejalashtirish iconДокументы
...
Korxona faoliyatida biznes rejalashtirish iconKorxonaning biznes rejasi biznes-rejaning mohiyati va vazifalari
«biznes-reja korxonangiz gullab-yashnashi uchun kerakli yo’lni tanlab olishingizga xizmat qiluvchi hujjatdir. Biznesingiz bilan bog’liq...
Korxona faoliyatida biznes rejalashtirish iconKichik biznes korxonalari uchun biznes reja ishlab chiqish

Korxona faoliyatida biznes rejalashtirish iconBozor iqtisodi sharoitida rejalashtirish va bashorat qilish bozor sharoitlarida rejalashtirish va bashorat qilishning obyektiv zarurati

Korxona faoliyatida biznes rejalashtirish iconKichik biznes subyektlarining tashqi iqtiisodiy faoliyati 16 Kichik biznes korxonalari samaradorligini oshirishda tashqi iktsodiy faoliyatni o‘rni

Korxona faoliyatida biznes rejalashtirish iconKichik biznes korxonalari boshqaruvining tashkiliy tuzilishi kichik biznes korxonalari boshqaruvi strukturasi

Korxona faoliyatida biznes rejalashtirish iconIshlab chiqarish xarajatlarining mohiyati. Xarajatlar klassifikatsiyasi. Baho korxona foydasi

Загрузка...
Разместите кнопку на своём сайте:
Документы


База данных защищена авторским правом ©uz.denemetr.com 2000-2015
При копировании материала укажите ссылку.
обратиться к администрации